Ukraina dronlari yana Moskvaga hujum qildi.
Kapotnedagi Moskva neftni qayta ishlash zavodida yong‘in chiqdi..
Kapotnedagi Moskva neftni qayta ishlash zavodida yong‘in chiqdi.
Ukraina dronlari 16 iyunga o‘tar kechasi yana Moskva shahri va Moskva oblastiga hujum qildi. Moskva oblasti rahbari Andrey Vorobev region osmonida 86 ta dron urib tushirilganini xabar qilgan. Vorobevning so‘zlariga ko‘ra, dronlar hujumi tufayli olti kishi jarohat olgan. Shundan to‘rtta holat Elektrostalda qayd etilgan, bu yerda dron parchalari turar joy binolari kompleksiga tushib, to‘rtinchi qavatdan o‘n oltinchi qavatgacha bo‘lgan uylarning derazalarini sindirib yuborgan. «Astra» nashri yozishicha, Elektrostalda dronlar hujumi vaqtida «Shimoliy kvartal» turar joy kompleksi korpuslaridan birida yong‘in chiqqan.
Shuningdek, Vorobevning ma’lumotiga ko‘ra, Kotelnikining Parkoviy mikrorayonida 57 yoshli erkak, Voskresenskiy rayonidagi Tsibino qishlog‘ida 13 yoshli qiz yaralangan.
Tunda va erta tongda Moskvadagi aeroportlarning barchasi – Sheremetevo, Domodedovo, Vnukovo va Jukovskiy yopib qo‘yilgan.
Moskva shahri meri Sergey Sobyanin ham shaharga kirish joylarida bir necha o‘nlab dronlar urib tushirilgani haqida xabar bergan. Uning yozishicha, hujum oqibatida Kapotne rayonida joylashgan Moskva neftni qayta ishlash zavodi hududidagi «obekt shikastlangan». Merning so‘zlariga ko‘ra, hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘q.
Neftni qayta ishlash zavodi atrofidagi yo‘llarda harakat to‘xtatilgan. Moskva vaqti bilan soat 11:30 atrofida FVV neftni qayta ishlash zavodidagi yong‘in o‘chirilganini xabar qilgan. «Hodisa korxona faoliyatiga ta’sir ko‘rsatmadi», – deyiladi FVV xabarida.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ushbu zavodga hujumni «Rossiya zarbalariga mos javob va tugashi kerak bo‘lgan urushning cho‘zilishiga javob» ekanini aytdi.
Ukraina dronlari Kapotnedagi neftni qayta ishlash zavodiga may oyi o‘rtalarida – Rossiya hududidagi nishonlar bo‘ylab dronlarning yopirilma hujumi doirasida ham zarba bergandi. Reuters agentligiga ko‘ra, hujumdan keyin Moskva neftni qayta ishlash zavodi faoliyati to‘xtab qolgandi.
Kapotnedagi ushbu zavod Moskva shahri va Moskva oblastining yoqilg‘iga bo‘lgan ehtiyojining qariyb yarmini qoplaydi.
Reuters xabarida dronlarning Rossiya neftni qayta ishlash zavodlari bo‘ylab rejali hujumlari tufayli Rossiya markaziy qismidagi barcha yirik zavodlar ishlab chiqarishni qisqartirishga majbur bo‘lgani aytilgan. Yoqilg‘i taqchilligi tufayli mintaqadagi, jumladan, Moskva shahridagi yirik yoqilg‘i quyish shoxobchalarida limitlar joriy etilgan.
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
📌 Kaynak
Bu haber XML kaynağından derlenmiştir. Tamamı için orijinal habere gidin.
Orijinal haberi oku →